Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga 2026/2027 o‘quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga hujjat qabul qilish T A R T I B I
1. 2026/2027 oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi taʼlim
(ikkinchi mutaxassislik) uchun talabgorlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish O‘zbekiston
Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar
vazirligining Yagona taʼlim xizmatlari portali my.edu.uz orqali
joriy yil 10-iyuldan 10-avgust kuniga qadar onlayn shaklda
amalga oshiriladi.
2. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus elektron tizimga o‘zining
shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi
(yoki diplomdan ko‘chirma - O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini
davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun);
-
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ilova nusxasi. Bunda, xorijiy davlatlar ta’lim
muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda
nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
3.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga kirish sinovlari suhbat tarzida
(ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni belgilangan ta’lim yo‘nalishidagi qabul kvotasidan
ortgan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihon tarzida) joriy yilning 15-avgustidan
25-avgust kuniga qadar OTMda o‘tkaziladi. Bunda, abituriyentlar bilan
o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra baholash qaydnomasiga “o‘tdi”, “o‘tmadi”
belgisi qo’yiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni belgilangan ta’lim
yo‘nalishidagi qabul kvotasidan ortgan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihon
tarzida o‘tkazilganda 100 balli tizimda baholanadi. Universitet Kengashi
qaroriga muvofiq 60420100-Yurisprudensiya
ta’lim yo‘nalishiga konkurs yuqori bo‘lishini inobatga olgan holda ushbu ta’lim
yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari shaklida
o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
4.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026/2027 o‘quv yili
uchun tasdiqlangan “Respublika oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari
ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar
majmuasi”dagi fanlar taqsimotini hisobga olgan holda 60420100 – Yurisprudensiya
ta’lim yo‘nalishidagi asosiy fanlar (huquqshunoslik fanlari va chet tili) bo‘yicha
test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Mazkur fanlardan
test sinovlarini tashkil etish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligiga
to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabgorlardan to‘lov o‘tkazish ko‘zda tutilgan taqdirda,
o‘rnatilgan miqdorda talabgorlar tomonidan to‘lovlar amalga oshiriladi. Bundan
tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi
395-sonli “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro
baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
qaroriga muvofiq test sinovlari majmuasiga chet tili fani kiritilgan bakalavriat
ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning tegishli
darajalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu chet tili fanidan imtihonlarsiz
belgilangan maksimal ball beriladi. Bunda, milliy yoki xalqaro sertifikatning
tegishli darajalariga (B1 va undan yuqori) ega bo‘lgan abituriyentlar o‘z
sertifikatlarini asl nusxasini joriy yilning 15-avgustiga qadar (shu kuni ham)
universitet qabul komissiyasiga taqdim etishlari lozim.
5.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish natijalari joriy yilning
30-avgustiga qadar e’lon qilinadi.
6.
Imtihon (yoki suhbat) natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilingan talabalar oliy
ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asli (yoki diplomdan ko‘chirma - O‘zbekiston Respublikasi
oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun) OTMga
taqdim etadi.
7.
Ikkinchi va undan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabalikka tavsiya etilgan shaxslar
bilan OTM o‘rtasida shartnoma rasmiylashtiriladi.
8.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan
qat’iy nazar, 2-kursdan boshlanadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga
qabul qilingan talabalar oldingi OTMda o‘quv rejasidagi ta’lim olgan fanlari bo‘yicha
fanlar farqi (akademik qarzdorlik, o‘zlashtirilmagan kredit) joriy o‘quv yili davomida
kredit-modul tizimida to‘lov asosida o‘zlashtiriladi.
9.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat
ta’lim yo‘nalishlari uchun ta’lim shakli bo‘yicha belgilangan muddatdan bir yilga
kam etib belgilanadi.
10.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul kunduzgi, kechki va masofaviy
ta’lim shakllarida tashkil etiladi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2025-yil 5-may “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish
tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 76-son
Farmoniga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilib,
kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari
bosqichma-bosqich oshirib borilishi belgilab qo‘yilgan).
ASOS: O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim
muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi
Nizomni tasdiqlash haqida”gi 606-son qarori. https://lex.uz/uz/docs/5657199.
2026-06-30