MIRZO ULUGʻBEK NOMIDAGI OʻZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIGA 2024-2025 OʻQUV YILI UCHUN IKKINCHI VA UNDAN KEYINGI OLIY TAʼLIMGA XUJJAT QABUL QILISH TARTIBI
- 2024/2025-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi taʼlim (ikkinchi mutaxassislik) uchun talabgorlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Yagona taʼlim xizmatlari portali my.edu.uz orqali joriy yilning 10-avgust kuniga qadar onlayn shaklda amalga oshiriladi.
- Abiturientlar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus elektron tizimga o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma - O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun);
- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ilova nusxasi; Bunda, xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992 yil 1 yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
- Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga kirish sinovlari suhbat tarzida (ro‘yxatdan o‘tgan abiturientlar soni belgilangan ta’lim yo‘nalishidagi qabul kvotasidan ortgan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihon tarzida) joriy yilning 15 avgustidan 25 avgust kuniga qadar OTMda o‘tkaziladi. Universitet Kengashi qaroriga muvofiq 60420100-Yurisprudensiya: biznes huquqi ta’lim yo‘nalishiga konkurs yuqori bo‘lishini inobatga olgan holda ushbu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari shaklida o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2024-yil 31-mayda tasdiqlangan “Respublika oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi”dagi fanlar taqsimotini hisobga olgan holda 60420100 – Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishidagi asosiy fanlar (huquqshunoslik fanlari va chet tili) bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395-sonli “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq test sinovlari majmuasiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari) fani kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning tegishli darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu chet tili fanidan imtihonlarsiz belgilangan maksimal beriladi. Mazkur fanlardan test sinovlarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabgorlardan to‘lov o‘tkazish ko‘zda tutilgan taqdirda, o‘rnatilgan miqdorda talabgorlar tomonidan to‘lovlar amalga oshirilishi belgilangan.
- Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish natijalari joriy yilning 30 avgustiga qadar e’lon qilinadi.
- Imtihon (yoki suhbat) natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilingan talabalar oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asli (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun) OTMga taqdim etadi.
- Ikkinchi va undan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabalikka tavsiya etilgan shaxslar bilan OTM o‘rtasida shartnoma rasmiylashtiriladi.
- Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’iy nazar, 2-kursdan boshlanadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga qabul qilingan talabalar oldingi OTMda o‘quv rejasidagi ta’lim olgan fanlari bo‘yicha fanlar farqi (akademik qarzdorlik) o'qishga kirgan o‘quv yili davomida kredit-modul tizimida to‘lov asosida o‘zlashtiriladi.
- Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.
2024-07-01