Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga 2025-2026 o‘quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga hujjat qabul qilish TARTIBI

1. 2025/2026-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi taʼlim (ikkinchi mutaxassislik) uchun talabgorlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Yagona taʼlim xizmatlari portali my.edu.uz  orqali joriy yil 10-iyuldan 10-avgust kuniga qadar onlayn shaklda amalga oshiriladi.

2. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus elektron tizimga o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:

 - oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma - O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun);

- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ilova nusxasi; Bunda, xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.

3. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga kirish sinovlari suhbat tarzida (ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni belgilangan ta’lim yo‘nalishidagi qabul kvotasidan ortgan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihon tarzida) joriy yilning 15-avgustidan 25-avgust kuniga qadar OTMda o‘tkaziladi. Bunda, abituriyentlar bilan o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra baholash qaydnomasiga “o‘tdi”, “o‘tmadi” belgisi qo’yiladi, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni belgilangan ta’lim yo‘nalishidagi qabul kvotasidan ortgan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihon tarzida o‘tkazilganda 100 balli tizimda baholanadi. Universitet Kengashi qaroriga muvofiq 60420100-Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishiga konkurs yuqori bo‘lishini inobatga olgan holda ushbu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari shaklida o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025-2026-o‘quv yili uchun tasdiqlangan “Respublika oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi”dagi fanlar taqsimotini hisobga olgan holda 60420100 – Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishidagi asosiy fanlar (huquqshunoslik fanlari va chet tili) bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Mazkur fanlardan test sinovlarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabgorlardan to‘lov o‘tkazish ko‘zda tutilgan taqdirda, o‘rnatilgan miqdorda talabgorlar tomonidan to‘lovlar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 395-sonli “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq test sinovlari majmuasiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz tillari) fani kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning tegishli darajalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu chet tili fanidan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi. Bunda, milliy yoki xalqaro sertifikatning tegishli darajalariga ( B1 va undan yuqori) ega bo‘lgan abituriyentlar o‘z sertifikatlarini asl nusxasini joriy yilning 15-avgustiga qadar (shu kuni ham) universitet qabul komissiyasiga taqdim etishlari lozim.

 5. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish natijalari joriy yilning 30 avgustiga qadar e’lon qilinadi.

6. Imtihon (yoki suhbat) natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilingan talabalar oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asli (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun) OTMga taqdim etadi.

7. Ikkinchi va undan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabalikka tavsiya etilgan shaxslar bilan OTM o‘rtasida shartnoma rasmiylashtiriladi.

8. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’iy nazar, 2-kursdan boshlanadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga o‘qishga qabul qilingan talabalar oldingi OTMda o‘quv rejasidagi ta’lim olgan fanlari bo‘yicha fanlar farqi (akademik qarzdorlik) o‘quv yili davomida kredit-modul tizimida to‘lov asosida o‘zlashtiriladi.

9. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.

10. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida tashkil etiladi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-may 76-son “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilib, kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib borilishi belgilab qo‘yilgan).

ASOS: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.09.2021 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi 606-son Qarori https://lex.uz/uz/docs/5657199

2025-06-30